“CENTRAL ASIA PHARMA & HEALTHCARE UZBEKISTAN”
Joriy yilning 7 iyun kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyi binosida “CENTRAL ASIA PHARMA & HEALTHCARE UZBEKISTAN” – Markaziy Osiyo farmatsevtika va sog‘liqni saqlash tizimi xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma “Meta Events Group” hamda Birlashgan Arab Amirliklarining “Big4Sure Events” kompaniyasi hamkorligida, shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Tibbiyot uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi qo‘llab-quvvatlovi asosida tashkil etildi.
Yurtimizda muntazam o‘tkazib kelinayotgan xalqaro tibbiyot ko‘rgazmalari tibbiy-ilmiy yangiliklar va texnologiyalar bilan tanishish, soha mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish orqali sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur Xalqaro ko‘rgazmada Buyuk Britaniya, Pokiston, Turkiya, Xindiston va boshqa xorijiy mamlakatlardan 50 ga yaqin sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tizim korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Xalqaro ko‘rgazmada “SHAMROCK PHARMACHEMI”, “MARC LABORATORIES” kabi dunyoga mashhur tibbiy brendlar ishtiroki xam kutilmoqda.
Ushbu ko‘rgazma mamlakatimizga xorij sarmoyasini jalb etish, farmatsevtika, stomatologiya va tibbiyot turizmini yanada rivojlantirish, chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda qo‘shma korxonalar tashkil etish, sohaga oid talab va takliflarni o‘rganish hamda tovar ayirboshlashni kengaytirishga xizmat qiladi. Ko‘rgazma 9 iyunga qadar davom etadi.
SSP matbuot xizmati
07.06.2023
15:07