O‘zbekistonlik tadbirkorlar Italiyada
Joriy yilning 6 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tgan Italiya-O‘zbekiston Biznes-forumida Savdo-sanoat palatasi boshchiligida qishloq xo‘jaligi, tekstil, qurilish va qurilish materiallari, farmatsevtika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida 70 dan ortiq o‘zbek ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan B2B uchrashuvlar davomida bir qator shartnomalar imzolandi. Jumladan:
- elektrotexnika yo‘nalishida “Steel Wire Tech” QK sim mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Italiyaning “Eurodraw Wire Equipment S.r.l” kompaniyasi bilan qiymati 2,2 mln yevroga teng yuqori samarali simni qayta ishlash uskunasini harid qilish bo‘yicha savdo shartnomasi;
- tekstil yo‘nalishida “Peshku Global Textile Oil” MCHJ Italiyaning “Lonati S.p.A”, “Dettin S.p.A”, “Grandis S.R.L”, “Flainox S.R.L”, “RF Systems” kompaniyalari bilan hamkorlikda Buxoro viloyatining Peshku tumanida tirikotaj va kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qiymati 1,3 mln yevroga teng investitsiya shartnomasi;
- qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida “Lord fruits” MCHJ Italiyaning “Sede” hamda “Besana” kompaniyalari bilan quritilgan meva mahsulotlari eksporti bo‘yicha qiymati 800 ming yevroga teng savdo shartnomasi imzolandi.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
SSP matbuot xizmati
09.06.2023
10:29