SSP huzurida “O‘zbekzargarsanoat” va “Hunarmandchilik” qo‘mitalari tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 23-yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risda”gi PQ-15 sonli qarorining 5-bandiga asosan Palataning tadbirkorlik sohasida tarmoqlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash, ularning o‘ziga xos muammolarini aniqlash, tahlil qilish va yechimini topish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish maqsadida, uning huzurida jamoatchilik asosida tarmoqlar kesimida qo‘mitalar tashkil etish belgilangan.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi binosida joriy yilning 15 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi Raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov boshchiligida qo‘mitalarni tuzish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Palata huzurida “O‘zbekzargarsanoat” va “Hunarmandchilik” qo‘mitalari tashkil etildi, jumladan, “O‘zbekzargarsanoat” qo‘mitasiga Samatov Davron Nosirovich, “Hunarmandchilik” qo‘mitasiga Abdullayev Ulug‘bek Toxirovich nomzodlari ushbu qo‘mitalar a’zolari tomonidan ma’qullanib, Rais etib tayinlandi.
Ta’kidlash joizki, ushbu qarorga ko'ra, Qo‘mita Raislari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi maslahatchisi etib belgilandi.
SSP matbuot xizmati
16.06.2023
12:34