Oʼzbekiston-Gruziya Ishbilarmonlar kengashi tuziladi
Joriy yilning 17-18 iyul kunlari Oʼzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasi Gruziya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Gruziya va O‘zbekiston Respublikasi barqaror savdo hamkorlari ekani, mamlakatlar o‘rtasida bu borada yanada ko‘proq salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Yigʼilish yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Shu qatorda, ikki mamlakat o’rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gruziya Savdo-sanoat palatasi bilan Oʼzbekiston-Gruziya Ishbilarmonlar kengashi tuzish toʼgʼrisida kelishuv imzolandi.
Joriy yilning oktyabr oyida esa Toshkent shahrida Oʼzbekiston-Gruziya Biznes-forumi oʼtkazishga kelishib olindi. Biznes-forumda Gruziyaning O’zbekistonga katta qiziqish bildirayotgan vinochilik, turizm, tekstil va elektrotexnika yoʼnalishlarida faoliyat yurituvchi kompaniyalari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.
SSP Matbuot xizmati
18.07.2023
17:47