Tadbirkorlarning taklif va tashabbuslari tinglandi
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab “Tadbirkorlik rivoji uchun yangi taklif va tashabbuslar” shiori ostida tadbirkorlar bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ushbu tadbirlarda jami 2 000 nafardan ortiq tadbirkorlik subyektlari faol ishtirok etib, tadbirkorlik sohasiga yanada ko‘proq imkoniyatlar berishga qaratilgan taklif va fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Jumladan, hududlarda o‘tkazilgan tadbirlar jarayonida soliq, bojxona, logistika, qurilish, turizm, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik kabi mavzulardagi 100 ga yaqin muhim takliflar to‘plandi. Ayni paytda ushbu takliflar mutaxassis va malakali ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil etilmoqda.
Ma’lumki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lami uzluksiz ravishda kengayib bormoqda. Shunga yarasha, tadbirkorlik faoliyati sohasida ham keskin rivojlanishlar ro‘y bermoqda.
Bunday vaziyatda tadbirkorlik subyektlarining fikr-mulohazalarini tizimli o‘rganish, ularning erkin va samarali faoliyatini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim shart-sharoitlarni aniqlash va amaliyotda joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Navbatdagi “Tadbirkorlik rivoji uchun yangi taklif va tashabbuslar” shiori ostidagi tadbirkorlar bilan uchrashuv joriy yilning 20 iyul kuni Toshkent shahrida 200 nafardan ortiq biznes vakillari bilan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi Davron Vaxabov, Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda soha ekspertlari ishtirokida ochiq muloqot formatida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ochiq muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, tadbirkorlik sohasida kuzatilayotgan tizimli muammolarni o‘rganish, ularni muhokama qilish, shuningdek, tadbirkorlarga qulaylik va yangilliklar yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur tadbirda soliq, audit, bojxona, buxgalteriya, qonunchilik va huquq sohalaridagi yetakchi ekspertlar ishtirok etib, tadbirkorlarning savollariga batafsil javoblar berishdi.
Ushbu tadbirda hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga qaratilgan takliflari muhokama qilindi, qolaversa, tadbirkorlar faoliyatida ro‘y berayotgan tizimli muammo va takliflar bildirib, ularni bartaraf etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarga takliflar kiritilishi belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar yurtimizda tadbirkorlik sohasini rivojlantirish va tadbirkorlar faoliyatini yengillashtirib, ularga qulay ishbilarmonlik muxitini yaratishda xizmat qiladi.
SSP Matbuot xizmati
20.07.2023
15:10