Davlat rahbarining ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlar bilan koll-markazlar va tahliliy shtab tashkil etildi
Har yili 20-avgust kuni O‘zbekistonda Tadbirkorlar kuni nishonlanadi. Sana munosabati bilan eng muhim va kutilayotgan voqea – Yurtboshimizning tadbirkorlar bilan Ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda minglab ishbilarmonlarning onlayn va bevosita tarzda ishtirok etishi kutilmoqda.
Muloqotning o‘ziga xos jihati uning do‘stona va ishonch ruhida o’tkazilishidir. Bu, o‘z navbatida, tizimli muammolarni aniqlash, ularni hal qilish yo‘llarini topish va mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag‘batlantirishga yordam beradi.
Bir tasavvur qilib ko’ring, bu formatdagi muloqot an’anasi ikki yildan buyon davom etib kelayotganiga qaramasdan 2021-yildan boshlab tadbirlarga tayyorgarlik doirasida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha 27 mingdan ortiq murojaat va takliflar kelib tushdi. Ochiq va konstruktiv takliflar yangi islohotlar dasturini shakllantirishga imkon berdi.
Bu yil uchinchi Ochiq muloqot bo’lib o’tadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (biznes-ombudsman) bilan hamkorlikda koll-markazlar va tahliliy shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Haftasiga etti kun, sutkasiga 24 soat operatorlar qo‘ng‘iroqlaringizni kutmoqda. Bu jarayonga mas’ul vazirlik va idoralar jalb etilib, viloyatlarda hududiy shtablar tashkil qilingan.
Ochiq muloqotga kelib tushgan har bir murojaat e’tiborga olinishi, har bir g‘oya mamlakatimiz taraqqiyotini rag‘batlantiruvchi yangi tashabbuslarga asos bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.
Tadbirkorlar kunigacha kam vaqt qoldi. Keyinga qoldirmang - xabar va takliflaringizni telefon orqali qoldiring yoki elektron pochta orqali yuboring:
Tezkor bog‘lanish uchun telefon raqamlari:
1094 va 1100
Portal:
business.gov.uz
Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishda faol ishtirok eting!
24.07.2023
14:07