O’zbek-Qatar Ishbilarmonlar Kengashini tuzish bitimi imzolandi
O’zbekiston Prezidentining Qatar Davlatiga davlat tashrifi doirasida O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Qatar Savdo-sanoat palatasi o’rtasida Anglashuv memorandumi va O’zbek-Qatar Ishbilarmonlar Kengashini tuzish bitimi imzolandi.
Bitim Qatar palatasi birinchi vitse-prezidenti Muhammad Al-Kuvari va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Anglashuv memorandumi ikki davlatning ishbilarmon doiralari o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatish va ularni kelgusida rivojlantirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy sohalarda o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish iqtisodiy va tijorat qonunchiligiga taalluqli ma'lumot bilan bo‘lishish va bunday ma'lumotlarni qanday olish, sharhlash va tahlil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.
Ishbilarmonlar Kengashining tuzilishi esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, ular uchun o‘zaro munosabatlarning yangi platformalarini yaratishga, shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini Qatarga eksport qilish hajmini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam beradi.
Uchrashuv davomida Davron Vaxabov O’zbekiston va Qatar o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada qo’llab-quvvatlash uchun ishchi guruhlar tashkil etilishini ta’kidladi. O’z navbatida Qatar Savdo-sanoat palatasi tomonidan ushbu fikr qo’llab-quvvatlandi.
Shuningdek, D.Vaxabov O’zbekistonda turizm sohasida yaratilayotgan imkoniyatlar va tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar to’g’risida to’xtalib o’tdi.
SSP matbuot xizmati
03.10.2023
09:18