Sirdaryoda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ish boshladi
Guliston shahridagi “Tadbirkorlar va hunarmadlar markazi”da hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi va Respublika zargarlik sanoati ko‘rgazmasi ish boshladi.
Qatnashchilar barcha viloyatlardan tashrif buyurgan 200 ga yaqin yetakchi sanoat korxonalari, hunarmand va tadbirkorlarning import o‘rnini bosuvchi 750 turdagi mahsulotlari, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan turli jihoz va uskunalar namunalari hamda istiqbolli loyihalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishdilar.
Ikki kun davom etadigan yarmarkada elektrotexnika, kimyo sanoati, charm-poyabzal, energetika va qurilish materiallari sohasida mahalliylashtirish darajasini oshirish orqali ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, zargarlik va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar, "B2B" uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, sanoat tarmoqlari, kichik biznes subyektlari mahalliy mahsulotlarni xarid qilish hamda butlovchi qismlar, materiallar va xomashyolarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
SSP matbuot xizmati
02.11.2023
16:25