Germaniya Federativ Respublikasida O‘zbekiston-Tyuringiya forumi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasi Germaniya Federativ Respublikasida ishchi tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Bugun, 30-noyabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining Janubiy Tyuringiya Savdo-sanoat palatasi rezidenti T.Herrmann, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vaxabov hamda O'zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi D.Axatov ishtirokida O‘zbekiston-Tyuringiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Ayni paytda yurtimizda kasbiy ta’lim sifatini oshirish maqsadida Tyuringiya federal yeri bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa Germaniyaning ilg‘or tajribasini yurtimizda joriy etishga xizmat qiladi.
Forum doirasida D.Vaxabov nemis tadbirkorlarini Savdo-sanoat palatasi faoliyati, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati va investitsiyaviy muhiti bilan yaqindan tanishtirdi.
Shu bilan birga, nemis tadbirkorlari potensial hamkorlarni izlash boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirdi.
Ta'kidlash joizki, Tyuringiya iqtisodiyotida mashinasozlik, elektrotexnika sanoati hamda turizm sohasi yuqori darajada rivojlangan bo'lib, ushbu yo'nalishlarda hamkorlik qilish bo'yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
SSP matbuot xizmati
30.11.2023
17:49