Samarqand shahrida O‘zbekiston-Belorussiya biznes forumi bo'lib o'tdi
Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko boshchiligidagi hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida joriy yil 5-dekabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston-Belorussiya biznes forumi hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida "B2B" muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Unda ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko ishtirok etib, so‘zga chiqdi.
Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Belorussiya kompaniyalari o‘rtasida savdo aloqalari yo‘lga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonda biznes yuritish bo‘yicha belarus kompaniyalarining tajribasi taqdimotini o‘tkazish, yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqishdan iborat.
Aytib o‘tish joizki, Belarus Respublikasi mamlakatimizning muhim hamkorlaridan biri sanaladi. Keyingi paytda, ayniqsa, iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar tobora mustahkamlanib, o‘zaro savdo aloqalari uchun qulay muhit yaratildi. Natijada tovar ayirboshlash hajmi yil sayin ortmoqda. Xususan, 2023-yil 9 оу mobaynida o‘zaro savdo hajmi 449,5 mln. AQSh dollarini, jumladan, eksport – 101,5 mln. AQSh dollarini, import – 348 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.
Belorussiya yurtimizda ishlab chiqarilgan tekstil, yangi va qayta ishlangan qishloq xo'jaligi mahsulotlari, shuningdek, xizmatlarga talab katta bo‘lsa, o‘z navbatida, mamlakatimizga qora metall, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlar yetkazib beriladi.
Mamlakatimizda Belorussiya Respublikasi kapitali ishtirokida 186 korxona mavjud, jumladan 65 ta qo‘shma korxona va 121 ta YATT. O‘z navbatida, Belorussiyada o‘zbek kapitali ishtirokidagi 100 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Biznes-forum doirasida “B2B” va “G2B” formatlarida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, shuningdek, tadbir yakunlari bo‘yicha bir qator yirik savdo shartnomalar imzolandi.
SSP matbuot xizmati
06.12.2023
10:34