Belarus Respublikasi bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
Joriy yilning 22-26 yanvar kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi boshchiligida 100 dan ortiq o'zbekistonlik tadbirkorlar deligatsiyasi amaliy tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida 23 yanvar kuni Minsk shahrida O’zbekiston va Belorussiya ishbilarmon doira vakillari o’rtasida davra suhbati hamda B2B uchrashuvlari bo’lib o’tdi.
Tadbir ikki tomonlama ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, Belarus va O‘zbekiston korxona va tashkilotlari vakillari o‘rtasida aloqalarni yo'lga qo'yish, rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida tashkil etildi.
Belarus tomonidan turli sohadagi korxonalarning 170 dan ortiq vakillari tadbirga qiziqish bildirishdi.
Ishbilarmonlik uchrashuvini BelSSP raisi Mixail Myatlikov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Jamshed Urakov, O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Muvaqqat ishlar vakili Rahmatulla Nazarov ochdi.
Muloqotda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, qurilish, yogʻochsozlik, elektrotexnika sanoati va turizm sohalaridagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash istiqbollari va mexanizmlari muhokama qilindi.
"Bellegprom" va "Bellesbuprom" konserni, shuningdek, "Belarus universal tovar birjasi" vakillari o‘zbekistonlik mehmonlarga Belarus tashkilotlarining yengil sanoat, yog‘ochga ishlov berish sohalaridagi salohiyati, ikki davlat korxonalari birja mexanizmidan foydalanish imkoniyatlarini taqdim etdi.
Yalpi qism yakunida ikki mamlakat biznes vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni muhokama qilish maqsadida B2B muzokaralar formatida ishlashni davom ettirdi.
SSP matbuot xizmati
23.01.2024
16:46