Oliy Majlisi Senatining Qo‘mita majlisida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan qonunlar muhokama qilindi
Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining navbatdagi majlisida dastavval, “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Unda senatorlar, ekspertlar hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Muhokama etilayotgan Qonunning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash orqali kambag‘allikni qisqartirish hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga qaratilganligi alohida qayd etildi.
Qonun bilan Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari sonidan kelib chiqib, ularga soliq imtiyozlari joriy etilmoqda.
Jumladan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab qo‘shilgan qiymat solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari barcha soliq turlarini o‘n ikki oygacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvargacha “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi nazarda tutilmoqda.
Majlisda Qonunning qabul qilinishi soliq ma’murchiligini soddalashtirish, shuningdek, Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga hamda kam ta’minlangan oilalardagi fuqarolarni ishga qabul qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoit-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Qonun bilan Fuqarolik kodeksi hamda “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Xususan, Fuqarolik kodeksi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, kredit bo‘yicha qarzdorlikni va kredit bo‘yicha hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda kredit bo‘yicha foizlar va neustoykalar hisoblanishi to‘xtatilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilmoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi aholi va tadbirkorlik subyektlarining kreditlarni qaytarish qobiliyatini yaxshilashga kredit to‘lovlari bilan bog‘liq kelib tushayotgan murojaatlarning kamayishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Majlis so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
31.01.2024
12:16