O'zbekiston-Koreya biznes-forumi
Joriy yilning 5-8 mart kunlari Koreya Respublikasidagi O'zbekiston Respublikasi Elchixonasining faxriy konsuli, «Evergeen Motor Group» raisi Kim Chang Kyon boshchiligida Koreya Respublikasi ishbilarmon doira vakillari delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif doirasida 2018 yil 7 mart kuni O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan ikki davlat tadbirkorlari ishtirokidagi O'zbekiston-Koreya biznes-forumi va kooperatsiya birjasi o'tkaziladi. Ushbu tadbir ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish, shuningdek qo'shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qo'shimcha rag'bat sifatida xizmat qiladi.
Tadbirni tashkil etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ikki davlat tadbirkorlari o'rtasida savdo aloqalari yo'lga qo'yilishi va kengayishini qo'llab-quvvatlash, yangi qo'shma korxonalar sonini hamda ikki tomonlama mahsulot aylanmasini oshirishdan iborat.
Forumda qurilish, oziq-ovqat sanoati, savdo, tibbiyot, qishloq xo'jaligi, tekstil, energetika, kimyo sanoati, mashinasozlik, AKT, qadoqlash materiallari, to'qimachilik, logistika, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlarni chiqarish, turizm kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan kelgan 150 dan ortiq vakil, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining turli viloyatlarida joylashgan yirik korxonalar va kompaniyalarning 200 yaqin vakillari ishtirok etishadi.
Ishbilarmonlik uchrashuvi chog'ida ikki davlat tadbirkorlari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha masalalar muhokama qilinadi.
Qayd etish kerakki, O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Koreyaning asosiy savdo hamkori hisoblanadi, jumladan Koreya Respublikasining mintaqa davlatlari bilan mahsulot aylanmasi hajmining yarmidan ortig'i O'zbekiston ulushiga to'g'ri keladi.
Asosiy eksport pozitsiyalari: transport, qurilish va turizm xizmatlari, paxta tolasi, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qurilish materiallari, tolali massa.
Import pozitsiyalari: avtotransport vositalarining qismlari, mexanik va elektr uskunalari, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, qorma metalldan ishlangan buyumlar, kimyoviy mahsulotlar, rezina mahsulotlari va h.k.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasida koreys kapitali ishtirokidagi 460 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda (386 ta qo'shma korxona va 75 ta 100% koreys kapitaliga ena korxona). O'zbekistonda 75 ta koreys kompaniyasining vakolatxonasi akkreditatsiyadan o'tgan.
Ushbu kompaniyalar faoliyatining asosiy yo'nalishlari: neftgaz, neftkimyo va kimyo sohalari, qazib chiqarish, mashinasozlik, elektr texnik, to'qimachilik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport va logistika, turizm, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqalar.
09.03.2018
15:14