Malayziya ishbilarmonlari bilan hamkorlik aloqalari kengaymoqda
2022 yil 13 aprel' kuni O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda mahalliy eksportyor korxonalar ishtirokida Malayziyaning “GT Spice Manufacturers” kompaniyasi bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Onlayn videomuloqot ko‘rinishida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Eksportga ko‘maklashish boshqarmasi G‘.Usmonov so‘zga chiqib, respublikamizda Malayziya kompaniyalari shu jumladan “GT Spice Manufacturers” bilan hamkorlik qilishga qiziqishi yuqori ekanligini hamda respublikamizdan Malayziyaga eksport qilish salohiyati to‘g‘risida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, quruq meva, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, ayniqsa dorivor va ziravor mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati yuqori ekanligi ta'kidlandi.
O‘z navbatida Malayziya kompaniyasi o‘zining faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma'lumot berib, respublikamiz ishbilarmonlari bilan eksport, import hamda respublikamizda oziq-ovqat yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi borligini ma'lum qildi.
Uchrashuv davomida mahalliy tadbirkorlik sub'ektlarining eksportbop mahsulotlar borasidagi taqdimotlari eshitildi.
Muzokaralar yakunida Malayziya korxonasi ehtiyoji uchun respublikamizdan Malayziyaga qishloq xo‘jaligi va quruq meva mahsulotlari eksportini tashkil etish, O‘zbekistonning xususiy korxonalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga hamda Malayziya kompaniyasi bilan O‘zbekistonda eksportga mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona tuzish masalasini o‘rganib chiqishga kelishib olindi.
13.04.2022
14:41