Vengriya kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2022 yil 13 aprel' kuni O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi mas'ul xodimi M.Rixsiboev, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mas'ul xodimi G‘.Usmonov hamda Vengriyaning “Urban Confectionery Ltd.” kompaniyasi rahbari P.Noyman va “Global Faktor Zrt.” korxonasi rahbari I.Chabailar ishtirokida onlayn videomuloqot ko‘rinishida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Vengriya tomonidan P.Noyman davlatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy yo‘nalishda respublikamizdan Vengriyaga oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat mahsulotlari importini yo‘lga qo‘yish borasida O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan ishlar boshlab yuborilganligini ta'kidladi.Shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.
Jumladan, Vengriya biznes delegasiyasining respublikamizga tashrifi va O‘zbekiston ishbilarmon doira vakillarining Vengriyaga tashrifi, ushbu tashrif doirasida biznes muloqotlar, kichik ko‘rgazma tashkil etish masalasi muhokama etildi.
O‘z navbatida ushbu hamkorlikni kengaytirish va davomiylgini ta'minlash maqsadida Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Urban Confectionery Ltd.” ko‘magida Vengriyaning farmasevtika, qurilish mahsulotlari, elektrotexnika, charm-poyabzal tarmoqlarida ko‘zga ko‘ringan kompaniyalari bilan hamkorlik aloqlarini o‘rnatish, ular bilan yurtimizda farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha investision loyihalarni birgalikda amalga oshirish taklif etildi.
Tadbir davomida tekstil' mahsulotlarini Vengriyaga va Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksportini kengaytirish maqsadida Vengriyaning “Global Faktor” kompaniyasi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan onlayn videomuloqot tashkil etish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida Vengriya ishbilarmon doira vakillarining yurtimizga va O‘zbekiston biznes delegasiyasining ushbu xorijiy davlatga tashrifini tashkiliy masalalari hamda Vengriya tomonidan farmasevtika, qurilish mahsulotlari, elektrotexnika, charm-poyabzal tarmoqlari yo‘nalishlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan kompaniyalar va respublikamiz tadbirkorlari o‘rtasida aloqa o‘rnatish masalalari kelishib olindi.
13.04.2022
17:25