Ekspertlar tomonidan mediatsiya qonun loyihasi muhoka etildi
Joriy yilning 11 noyabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan biznes faoliyatidagi bahslarni suddan avval tartibga solinishini rivojlantirish masalalarini tartibga solish uchun mas’ul davlat organlari, shuningdek, tegishli ilmiy, o‘quv muassasalarining vakillari va advokatlar ishtirokida “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihani muhokama qilish maqsadida Ekspert kengashi majlisi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PF-4850 sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari ishonchli himoya etilishi kafolatlarini kuchaytirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining 30-bandini ijro etish maqsadida, Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, u fuqarolik va xo‘jalik bahslarini suddan tashqarida tartibga solishga oid asosiy tushunchalar, maqsadlar, vazifalar, mexnazimlarni belgilab beradi.
Qayd etish kerakki, ushbu qonun O‘zbekiston Respublikasida mediatsiya tartib-tamoyilini joriy etish, sheriklik ishbilarmon munosabatlarni rivojlantirish va ishbilarmon alishuv etikasini shakllantirish, ijtimoiy munosabatlarni takomillashtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun yordamida fuqarolik huquqiy munosabatlari, jumladan, tadbirkorlik va boshqa iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, mehnat va oila munosabatlari tufayli yuzaga keladigan bahslarga nisbatan mediatsiya tartib-tamoyillarini qo‘llash bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solinadi.
Mediatsiya maqsadlari quyidagilar:
1) mediatsiyaning ikki tomonini ham qoniqtira oladigan bahsni (nizo) hal etish variantiga erishish;
2) tomonlarning nizolik darajasini kamaytirish.
Mediatsiya – bu kelishuvga asoslangan maxfiy jarayon bo‘lib, unda nizo tomonlari ixtiyoriy ravishda neytral uchinchi shaxs yordamida echimni ishlab chiqish va bahsni tartibga solish imkonini beradigan kelishuv nuqtalarini topishga urinadi. Ya’ni, bu masala bo‘yicha o‘zi qaror qilmay, balki tomonlarga nizodan o‘tishning ehtimolli yo‘llarini ko‘rsatib beradigan vositachi (mediator) yordamida bahsni muqobil hal etish tartib-tamoyilidir. Shuni alohida qayd etish kerakki, davlat sudi yoki hakamlik sudidan farqli o‘laroq, mediator tomonlarga hech narsani buyurmaydi va topshirmaydi. Mediatsiyaning asosiy vazifasi nizoda kim haq yoki nohaqligini aniqlash emas, balki tomonlarni o‘zaro kelishuvga olib borishdan iborat. Mediatsiya, o‘z navbatida, soddalashtirilgan tartib-tamoyil tufayli yanada ko‘proq ishlar ko‘rib chiqilishiga imkon yaratadi. U davlat tomonidan moddiy kirimlarni talab etmaydi, chunki tomonlarning o‘zi tartib-tamoyilni moliyalashtiradi. U ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish imkonini beradi, chunki mediatsiya reglamentga solingan tekshiruv doirasi bilan cheklanmagan. Sudga murojaat qilganda tomonlar bahsni echish bo‘yicha vakolatlarni unga topshiradi. Odatda, sud bir tomonning foydasiga qaror chiqaradi, ikkinchi tomon esa bunga rozi bo‘lmasligi mumkin. Mediatsiyaning maqsadi ikkala tomonni ham qoniqtira oladigan murosali echim topishdan iborat. Mediatsiya – bu yopiq jarayon, chunki tomonlar tartib-tamoyilning maxfiyligiga ishonch hosil qilishlari mumkin.
Natijada sudlar fuqarolik va xo‘jalik ishlarining katta qismidan ozod bo‘lishlari mumkin. Bu holat ular uchun yanada murakkab ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beradi. O‘z navbatida, tomonlar bahslar ko‘rib chiqilishi bo‘yicha salmoqli moddiy chiqimlar va uzoq vaqtni talab etmaydigan samarali mexanizmga ega bo‘ladilar.
Hozirda mediatsiya jahonda bahslarni hal etishning eng keng tarqalgan muqobil yo‘li hisoblanadi. Mediatsiya tartib-tamoyilining muvaffaqiyati darajasi o‘ta yuqori: jahondagi mediatsiyaga topshirilgan barcha bahslarning 75-80 foizi kelishuvga erishish bilan yakunlanadi. Xalqaro amaliyotda mediatsiyaning ko‘p modellari mavjud. Aniq mamlakatga qarab mediatsiyani o‘tkazish shakllari va tartibi farq qilsada, mediatsiyaning asosiy tamoyillari o‘zgarmaydi. Bu tamoyillar: ixtiyoriylik, tomonlar tengligi, mediator neytralligi va maxfiylik.
Ekspert kengashi ishtirokchilari o‘z nutqlarida qayd etganidek, O‘zbekistondagi sud amaliyoti uchun bahslarni hal etishda mediatsiyaning bir nechta shaklini qo‘llash yanada maqsadga muvofiq bo‘ladi (suddan avvalgi, suddan tashqari va sud medatsiyasi). Jumladan:
– suddan avvalgi medatsiyani xo‘jalik jarayonida mavjud bahslarni hal etishning shikoyatli tartibi doirasida rivojlantirish taklif etiladi. Bahsni hal etishning mazkur shaklini fuqarolik-protsessual qonunchiligiga joriy etish maqsadga muvofiq emas;
- suddan tashqari medatsiya ishbilarmonlik aylanmasida qo‘llanishi va tomonlar undan sud tortishuvlari doirasidan tashqaridan faqat ixtiyoriy ravishda foydalanishlari kerak. Bahslar hal etilishining mazkur shaklini qo‘llash uchun kontragentlar shunchaki shartnomalarda yuzaga kelgan bahsni mustaqil vositachi (mediator)ning xizmatidan foydalangan holda hal etish to‘g‘risidagi shartlarni ko‘rsatib o‘tishi, yoki shartnomada bunday band bo‘lmagan taqdirda, bahs yuzaga kelganidan so‘ng mediatsiya o‘tkazishga oid qo‘shimcha shartnoma imzolanishi kerak. Bundan tashqari, mediatsiyaning suddan tashqari shakli hakaslik sudlarida ham qo‘llanishi mumkin bo‘lib, bunda hakamlik sudьyast tomonlarga mediator xizmatlaridan foydalanishni taklif etishi mumkin.
Umuman olganda mediatsiyaning mazkur shakli fuqarolik va xo‘jalik protsessual qonunchiligidan mustaqil ravishda rivojlanishi kerak va ko‘p holatda xo‘jalik sub’ektlarining huquqiy onglilik va tadbirkorlik etikasini oshirishga bog‘liq.
- sud mediatsiyasi. Bahslarni hal etishning mazkur shaklini fuqarolik va xo‘jalik jarayonlariga ushbu institutni fuqarolik protsessual va xo‘jalik protsessual qonunchiliklariga joriy etish orqali rivojlantirish taklif etiladi. Bunda, vositachilik yordamida bahsning hal etilishi shikoyat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun qabul qilinganda, ya’ni ishni sud tekshiruviga tayyorlash davrida amalga oshirilishi mumkin. Sud mediatsiyasi bahslarning alohida toifalari bo‘yicha majburiy tartibda qo‘llanishi, boshqa ishlar bo‘yicha esa – tomonlarning o‘zaro roziligi bilan sud tashabbusi bilan qo‘llanishi kerak.
O‘zSSP Matbuot xizmati
11.11.2016
16:35